Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi harbiy xizmatchilari 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Nukus shahrida joylashgan saraton kasalliklari shifoxonasida bo‘lib, og‘ir dardga chalingan ayollar holidan xabar oldi, ularni bayram bilan qutladi. Bu haqda Mudofaa vazirligining matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Tadbir davomida bemorlar bilan suhbatlar uyushtirildi, ularning kayfiyatini biroz bo‘lsa-da ko‘tarish maqsadida sovg‘a-salomlar ulashildi.
Sharqiy harbiy okrugi harbiy xizmatchilari esa Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlari markazlarida ayol-qizlarga gullar tarqatib, ularni bayram bilan muborakbod etdi.
Ta’kidlash kerakki, bu kabi tadbirlar respublikaning barcha hududlarida, barcha harbiy okruglarda o‘tkazilmoqda. Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari Qamchiq dovonidan tortib Nukusgacha bo‘lgan hududda ayollarga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida yangidan-yangi qutlovlarni o‘ylab topmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami arafasida Toshkent shahrining yirik savdo majmualarida Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari va harbiy san’atkorlar tomonidan bayramona aksiyalar boshlangani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)