Anvar qori Tursunov bugun, 13-iyun kuni tongda vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Anvar qori 5-aprel kuni mikroinsultni boshdan kechirib, operatsiya qilinganidan beri shifoxonada qolayotgan edi. 5-may kuni uning komadan chiqqani aytildi, biroq keyinchalik ahvoli baribir og‘irligi ma’lum qilingan edi.
Anvar qori Tursunov 1981-yil Toshkent davlat universiteti (O‘zMU)ning filologiya fakultetini, 2001-yil Toshkent islom institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1981—1984-yillarda “Yoshlik” jurnalida muharrir vazifasida boshlagan.
So‘ngra Fanlar akademiyasi ilmiy xodimi, Abdulla Qahhor uy-muzeyi ilmiy xodimi, Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi tarjima va adabiy aloqalar markazi Sharq adabiyoti bo‘yicha katta muharrir lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.
Diniy sohadagi faoliyatini 1994—1999-yillarda Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi “Yangiobod” masjidi imom-xatibi sifatida boshlagan. 1999-yildan Toshkent shahar bosh imom-xatibi va “Xoja Ahror Valiy” masjidi imom-xatibi bo‘lib ishlagan. 2015-yildan “Minor” masjidi bosh imom-xatibi vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Izoh (0)