Musulmonlar idorasi matbuot xizmati qaysi kunlarda va nima uchun ro‘za tutish taqiqlangani haqida xabar bermoqda.
Alloh taolo Ramazon oyini boshqa oylardan afzal qildi. Uni ko‘plab fazilat va imtiyozlar bilan xosladi. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Oylarning eng afzali Ramazon oyidir”, — dedilar” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Bu oyda olam shodlikka to‘ladi, farishtalar yer yuziga tushadi, xayr-baraka, fazilat va barakalar yog‘iladi. Mo‘minlarning qalbida surur, ko‘zida quvonch balqiydi. Hamma bir-biri bilan shirinso‘z bo‘lib, mehr-muhabbat oshadi, savob to‘plash ilinji ortadi, ibodatga bo‘lgan ishtiyoq kuchayadi.
Fazilatda tengi yo‘q bu muborak oyda jannat eshiklari, rahmat eshiklari ochiladi. Do‘zax eshiklari yopiladi, shaytonlar kishanlanadi.
Ro‘za tutishi farz bo‘lgan barcha musulmonlar unga doir bilimlarga ega bo‘lishi lozim. Ro‘zaning bir necha turi bo‘lib, ular orasida tutilishi harom bo‘lgan ro‘za ham mavjud. Bu turdagi ro‘zani hanafiy mazhabida “makruhi tahrimiy” ham deyiladi. Bular quyidagilardan iborat:
- Ayol kishining erining iznisiz yoki roziligini bilmay turib nafl ro‘za tutishi;
- Shak kuni, ya’ni Sha’bonning oxirgi kuni ro‘za tutish;
- Ro‘za va Qurbon hayitlari va ulardan keyingi uch kunning ro‘zasini tutish;
- Hayzli va nifosli ayolning ro‘za tutishi;
- Ro‘za tutsa halok bo‘lishini bilib turib ro‘za tutgan odamning ro‘zasi.
Shuningdek, Imom Ahmad va Imom Muslimdan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Tashriq kunlari yeb-ichish va Allohning zikri kunlaridir”, — dedilar.
Izoh (0)