Amerikalik Kara Brukins ikkinchi muvaffaqiyatsiz nikohdan so‘ng to‘rt nafar farzandi bilan ko‘chada qoldi. Uning uyi ham, uni xarid qilish uchun puli ham yo‘q edi. Shunda u YouTube videoyo‘riqnomalari yordamida uyni o‘zi qurdi. AdMe Kara va uning oilasi hikoyasini taqdim etadi.
2007-yilda 45 yoshli Brukins u bilan shafqatsiz muomalada bo‘luvchi turmush o‘rtog‘i bilan ortiq yashay olmasligini tushundi. O‘shanda uning farzandlari 17, 15, 11 va 2 yosh edi. Kara bungacha hech qachon quruvchilik bilan shug‘ullanmagan bo‘lsa-da, o‘zi mustaqil ravishda uy qurishga qaror qildi. Bolalari uning qarorini qo‘llab-quvvatladi.
Kara yer uchun 20 ming dollar va qurilish materiallarini xarid qilish uchun 150 ming dollar kredit oldi — va bolalari bilan birgalikda YouTube’ning qurilish bo‘yicha videodarslarini ko‘ra boshladi.
Loyihalarni tuzishga 15 yoshli Dryu yordam berdi, kichkina bolalari esa sement bilan qorish uchun suv tashib turdi.
Ular birgalikda devorlarni ko‘tardi, quvurlar o‘tkazdi. Kara ko‘pincha kechalari ishlardi.
“Bolalarimdan tashqari, hamma buni axmoqona fikr deb o‘ylar, qurilish inspektorlari esa meni aqldan ozgan deb hisoblar edi”, — deydi Kara.
Oila ba’zan nafaqadagi o‘t o‘chiruvchining yordamidan foydalanar, u ham qurilishda ko‘p narsani tushunmasa-da, o‘z ishi uchun ko‘p haq olmas edi.
Uy ichkarisini bezatish va interyer bilan ham Kara va bolalari shug‘ullandi.
Qurilish 9 oy davom etdi, 2009-yilda Kara va uning bolalari 325 metr kvadrat maydonli, beshta yotoqxona va uchta mashinaga mo‘ljallangan garajli yangi uyga ko‘chib o‘tdi. Hozirda mazkur uy 500 ming dollarga baholanmoqda.
Kara Brukins o‘z tajribasi haqida kitob (Rise) yozdi. “O‘z maqsadingizni toping va qanchalik qiyin bo‘lmasin, undan voz kechmang”, — deya xulosa qiladi u.
Izoh (0)