“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi Singapurning “Changi” aeroporti bilan hamkorlikda O‘zbekiston sayyohlik salohiyati va ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida “Halalfoodblog.com” vakillarini O‘zbekistonga taklif qildi. Bu haqda Milliy aviakompaniya axborot xizmati xabar qildi, deb yozadi O‘zA.
Ta’kidlanishicha mehmonlar infotur davomida o‘zbek xalqining urf-odatlari, tarixi, madaniyati, milliy oshxonasi bilan yaqindan tanishadi, islom merosining muqaddas joylarini ziyorat qiladi. Singapurlik blogerlar O‘zbekiston haqidagi taassurotlarini foto va videolavhalarga jamlab, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, “Halalfoodblog.com”, “Changi” aeroportining rasmiy saytiga joylashtirib boradi.
Xabarda loyiha ishtirokchilariga “O‘zbekiston havo yo‘llari” tomonidan Singapur—Toshkent—Buxoro va Toshkent—Singapur yo‘nalishlari bo‘yicha bepul aviachiptalar taqdim etilgani ma’lum qilingan.
Izoh (0)