Boshqalarni masxara qilish, ularni o‘zidan past sanash, ularning sha’nini pisand qilmaslik kibrlanish natijasidir. Masalan, o‘g‘il farzandi borning o‘g‘li yo‘q kishini kamsitishi yoki bashang kiyingan kimsaning oddiy kiyingan kishining ustidan kulishi va hokazo... Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy veb portalidagi maqolada aytiladi.
Qur’oni karimda bunday deyilgan:
“Ey mo‘minlar! (Sizlardan) biror millat (boshqa) bir millatni masxara qilmasin! Ehtimolki, (masxara qilingan millat) ulardan yaxshiroq bo‘lsa. Yana (sizlardan) ayollar ham (boshqa) ayollarni (masxara qilmasin)! Ehtimol, (masxara qilingan ayollar) ulardan yaxshiroq bo‘lsa. O‘zlaringizni (bir-birlaringizni) mazax qilmangiz va bir-birlaringizni laqablar bilan atamangiz! Imondan keyin fosiqlik nomi naqadar yomondir! Kimki tavba qilmasa, bas, aynan o‘shalar (gunoh ishlar bilan o‘zlariga nisbatan) zulm qiluvchilardir” (Hujurot, 11).
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Musibatga uchragan bir kishi bir guruh ayollar oldidan o‘tdi. Ayollar uni masxara qilib, kulishdi. O‘sha ayollarning ba’zilari ana shu musibatga mubtalo bo‘ldi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmonning boshqa bir musulmon joniga, moliga tajovuz qilishi va obro‘yini to‘kishi haromdir. Taqvo mana bu yerda bo‘ladi” deb qalblariga ishora qildilar. Shuningdek, inson bu illatga boshqalarning aybini qidirish orqali ham duchor bo‘lib qoladi.
Abu Juray Hajmiy aytadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib: “Yo Rasululloh, menga vasiyat qiling”, dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Bir kishi sening aybingni bilib olib, yuzingga solsa, sen uning aybini bilsang ham, yuziga solmagin. Qo‘yaver, balosi o‘ziga, savobi sengadir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Azizxo‘ja Inoyatov,
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi
Izoh (0)