Ukrainalik muxolif siyosatchi, Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili “Rustavi 2” telekompaniyasi efirida qay tarzda hibsga olingani haqida gapirib berdi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar qildi.
Siyosatchining so‘zlariga qaraganda, 5-dekabr kuni ertalab uni qo‘lga olgani kelishganida huquq-tartibot organlari vakillari 45 daqiqa davomida u turgan kvartiraning eshigini buzishga uringan.
Saakashviliga ko‘ra, uyali aloqa va boshqa signallar maxsus apparatlar yordamida o‘chirilgan, shu bois u kvartiradan uy tomiga chiqib olgan. U tomda turganida signal chiqishiga umid qilgan, bu bilan jamoasiga qo‘ng‘iroq qilib, voqeadan boxabar qilishni o‘ylagan.
Bundan tashqari, Saakashvili tomga chiqish yo‘li bilan ikki soatcha vaqt yutganini aytdi.
“Odamlar uyg‘ondi, ma’lumotga ega bo‘ldi, hovlida tarafdorlarim hamda yetakchi telekompaniyalar jurnalistlari to‘plandi”, — dedi u.
Izoh (0)