Kanadaning Toronto shahrida yashovchi Xisham Salama Uber taksisining onlayn-xizmatidan foydalandi va sakkiz kilometr masofa uchun 18 500 Kanada dollari (14 ming AQSh dollari) to‘ladi. Bu haqda Forum Daily xabar bermoqda.
Amerikalik Emili Kennard Twitter’da do‘sti Uber taksisiga Toronto ichidagi kichik masofaga ko‘p pul to‘lashga majbur bo‘lgani haqida so‘zlab berdi. Xishamning o‘zi esa bo‘lib o‘tgan hodisa haqida o‘zining Instagram’dagi sahifasida ma’lum qildi.
Shundan so‘ng Uber o‘z xatosini tan oldi va mijozga to‘liq miqdorda kompensatsiya to‘lab berdi.
“Xatolik yuz berdi, biroq u ayni vaqtda to‘liq bartaraf etildi. Biz mijozning pulini to‘liq qaytarib berdik va undan mazkur holat uchun uzr so‘radik”, — deydi Uber vakili.
Bundan tashqari kompaniya vakili Uber kelgusida bunday holat takrorlanmasligi uchun zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilganini ham ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, kompaniyada bu holat nima sababdan yuz berganini aniqlash uchun ichki tekshiruv o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)