UFC vakili Konor MakGregorning boshi uchun 900 ming dollar mukofot puli e’lon qilindi. Bu haqda Daily Mail nashri xabar berdi.
Irlandiyadagi restoranlarning birida janjal kelib chiqqan bo‘lib, MakGregor do‘stini himoya qilish uchun o‘zining shafqatsizligi bilan nom qozongan Kinen mafiyasiga tegishli ikki kishini do‘pposlagan. MMA ustasi avvaliga Rayan Bernni, keyinroq 50 yoshli Grem Uilanni kaltaklagan.
Sportchining bu ishi mafiyaga umuman yoqmadi. UFC’ning sobiq vakillaridan biri Brendon Shaubning ma’lumot berishicha, Kinen jinoyatchilari MakGregorning boshi uchun 900 ming dollar mukofot puli e’lon qilgan. Bu jazodan omon qolishning yagona yo‘li, o‘z boshi uchun tikilgan pulni mafiyaga tovon sifatida to‘lab berishdir.
Konor bu haqda eshitganida o‘z xotirjamligini saqlab qoldi va faqatgina “mayli, kelishsin va meni o‘ldirishga urinib ko‘rishsin”, — deya javob qaytardi. Irlandiyadagi kriminal ishlar bo‘yicha ekspert, o‘zining bu boradagi bir qator chiqishlari bilan nom qozongan Pol Uilyams MakGregorga 48 soat ichida Dublinni tark etishni maslahat berdi. Uning fikricha, Kinen mafiyasi juda bemehr va aytganidan qaytmaydi. Konor juda xavfli odamlar bilan yuzlashib qolgan. Kerak bo‘lsa mafiya sportchini shunchaki otib ham ketaveradi.
Ayrim nashrlarning yozishicha, MakGregor Floyd Meyvezerga qarshi jangdan keyin o‘z ahloqi haqida qayg‘urayotgani yo‘q. U yaqindagina Bellator 187 doirasida do‘stining g‘alabasini nishonlash uchun oktagonga yugurib chiqqan va hakam bilan urishib ketgandi.
Meyvezerga qarshi ringga chiqqan MakGregor taxminan 30 million dollar ishlab olgandi.
Izoh (0)