Bugun — 1-dekabr kuni futbol bo‘yicha Jahon Chempionati bellashuvlariga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Unga Moskva shahridagi Kreml saroyi mezbonlik qiladi.
Toshkent vaqti bilan 20:00 da start oladigan marosimni UzReport va Futbol-TV telekanallari bir vaqtda jonli namoyish qiladi. Telekanal rahbariyati qur’a tashlash marosimini translyatsiya qilish huquqi sotib olingani haqida ma’lumot berdi.
Avvalroq Sport-TV ham qur’a marosimini jonli ko‘rsatishi borasida ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumot paydo bo‘lgandi. Biroq UzReport qur’aning O‘zbekiston uchun eksklyuziv huquqini xarid qilgach, Sport-TV qur’a marosimi kadrlaridan foydalanish huquqidan mahrum bo‘lgan.
“Daryo”ning Sport-TV kanalidagi manbasi qur’a 20:00 da ko‘rsatilishi haqida aytib o‘tdi. Unga ko‘ra, telekanalda studiya tashkil qilinadi va jurnalistlar marosim haqida suhbatda bo‘ladi. Qur’a kadrlari esa orqa fonda ko‘rsatiladi.
JCh—2018 bellashuvlarini namoyish qilish huquqi hozirgacha O‘zbekistonning hech bir kanali tomonidan xarid qilinmagan. Bu borada ham UzReport va Sport-TV kanallari raqobat hosil qiladi.
Izoh (0)