Surxondaryo viloyatida joylashgan Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining “Termiz dala-o‘quv maydoni”da Qurolli Kuchlar miqyosida an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan “Eng ilg‘or mutaxassis” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqich jarayonlari boshlandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unda Mudofaa vazirligi qo‘shinlari, milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari, Ichki ishlar vazirligi qorovul qo‘shinlarida ko‘rik-tanlovning dastlabki bosqichlari bo‘yicha eng ilg‘or deb topilgan 260 dan ziyod harbiy xizmatchilar o‘zaro kuch sinashmoqda.
Tanlovning tantanali ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimligi, Qurolli Kuchlar tuzilmalariga kiruvchi vazirlik va idoralar hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan ushbu tanlovning harbiy xizmat nufuzini oshirishda, yurt posbonlari qalbida tanlagan kasbiga, Vatanga muhabbat tuyg‘usini shakllantirishdagi o‘rni muhimligi ta’kidlandi.
Mazkur ko‘rik-tanlovda ishtirokchilar jismoniy qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazib, harbiy topografiya hamda umumiy taktika fanlaridan topshiriqlarni bajarish, to‘siqli yo‘lakdan o‘tish hamda mutaxassislik bo‘yicha test sinovlarini topshirish kabi vazifalarni bajaradi.
Izoh (0)