Sinay yarimorolidagi terakt qurbonlari soni 305 kishiga yetdi. Bu haqda, Misr davlat axborot agentligi va Reuters’ga asoslanib, “RBK” xabar bermoqda. Avvalroq terakt oqibatida 235 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Terrorchilik hujumi 24-noyabr, juma kuni Sinay shimolidagi Bir al-Obid shahrida joylashgan masjidda, juma namozi vaqtida yuz bergan. Misr Bosh prokuraturasi axborotiga ko‘ra, hujumda 25—30 nafar jangari qatnashgan, ularning yonida IShID terrorchilik tashkiloti bayrog‘i bo‘lgan.
Avvalroq jangarilar to‘rtta yo‘ltanlamas mashinada masjid oldiga kelib, portlovchi qurilmani ishga tushirgani, so‘ng namozgohga kelganlarga qarata o‘t ochgani haqida xabar berilgan edi.
Misr Mudofaa vazirligi vakili Tamer Rifaiyning so‘zlariga ko‘ra, teraktga aloqador jangarilar Sinayning Ar-Risan shahrida yo‘q qilingan. Ularni yo‘q qilish bo‘yicha operatsiyada dronlardan foydalanilgan. Operatsiya davomida jangarilarning tayanch nuqtalari, qurol-yarog‘ omborlari topilgan.
Masjiddagi teraktdan so‘ng, Misrda uch kunlik motam e’lon qilindi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)