AQShning Florida universiteti xalqaro san’at galereyasida 1-sentabrdan 28-oktabrgacha o‘tkazilgan “O‘zbekiston — Markaziy Osiyoning mo‘jizaviy ertagi” ko‘rgazmasi yakuniga yetdi. Bu haqda “Nuz.uz” xabar bermoqda.
Ko‘rgazmani dizayn va me’morchilik fakulteti talabasi, Fulbrayt stipendiati, o‘zbekistonlik Albina Xartner tashkilladi. Undan mamlakatning qadimiy va boy tarixi, madaniyati haqida hikoya qiluvchi sopol buyumlar, turli-tuman anvoyi matolar o‘rin oldi.
Shuningdek, o‘zbekistonlik taniqli fotorassom Ernest Kurtveliyev suratlari alohida blokda namoyish etildi.
Ko‘rgazma doirasida turli mavzulardagi, xususan, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo me’morchiligiga oid ma’ruzalar tinglandi, o‘zbek xalq raqslaridan mahorat saboqlari o‘tildi.
“O‘zbekiston — Markaziy Osiyoning mo‘jizaviy ertagi”ni o‘tgan vaqt mobaynida 10 mingdan ortiq kishi kelib ko‘rdi, mahalliy OAVda keng yoritildi. Albina Xartnerning ko‘rgazma tashkil etish tashabbusi Florida universiteti, ko‘plab firma va kompaniyalar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, AQSh va Gruziyadagi xususiy fondlar tomonidan moliyaviy ko‘mak berildi.
Izoh (0)