Britaniya hukumati devonxonasi boshlig‘i Demian Grin va bir necha vazirlar navbatdagi gap-so‘zlarga javoban bosh vazir Tereza Mey iste’foga chiqishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Avvalroq, Konservativ partiyasi vakillaridan biri Mey atrofidagi vaziyat uni yaqin orada iste’foga chiqishga majbur etishini ta’kidlagan edi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu bir nechta sabablar bilan bog‘liq, xususan bosh vazir Konservativ partiya parlamentdagi ko‘pchilikni boy bergani va Brexit bo‘yicha muzokaralar jarayonidagi mavqeyi pasaygani shular jumlasidan.
Ko‘pchilikning fikricha, Meyning 4-oktabr, chorshanba kuni Konservativ partiya syezdidagi chiqishi so‘nggi nuqta bo‘lgan.
Nutq avvaliga qiziqchi Saymon Brodkin tomonidan Teraza Meyning qo‘liga ish o‘rnidan bo‘shayotganda to‘ldiriladigan P45 shaklini tutqazganidan so‘ng uzilib qoldi. So‘ng Meyning ovozi pasayib ketib, yo‘tal tutib qoldi. Bosh vazir mazkur holat tufayli nutqini zo‘rg‘a tugatdi.
“Bilaman, u hozir ham avvalgidek ishlashni davom ettirmoqda, buni o‘z burchi deb biladi va hukumatda muvaffaqiyatga erishishda davom etishni rejalashtirmoqda”, — deydi Britaniya hukumati boshlig‘i Grin.
Izoh (0)