Slovakiya Ichki ishlar vaziri Robert Kalinyak respublika prezidenti Andrey Kiskani soliq firibgarliklarida aybladi, deb yozadi “Kommersant”.
Vazir davlat rahbarining soliqlarni to‘lamaganligi yuzasidan ish ochilganligini ma’lum qildi. IIV rahbarining fikricha, prezident o‘z aybini tan olishi zarur.
Kalinyakning eslatib o‘tishicha, davlat rahbari o‘z nutqlarida doim soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlar bilan prinsipial kurashishga chaqirgan. “Nima qilishi kerakligini tushunib yetishi uchun o‘z chiqishlaridagi yozuvlarni o‘qib chiqishi kifoya”, — deydi vazir.
Andrey Kiska 2014-yilda Slovakiya prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘lgan. Keyinroq u va uning akasiga qarashli Kiska Travel Agency o‘sha yilning o‘zida daromadidan budjetga 27 ming yevro to‘lamaganligi ma’lum bo‘ldi. Kompaniya sohiblari saylovoldi kampaniyasi xarajatlaridan 147 ming yevroga teng QQSni qaytarishni talab qildi. Soliq xizmati ushbu talabni noqonuniy deb topdi.
Izoh (0)