Tailandda besh yilga ozodlikdan mahrum etish haqida sirtdan hukm chiqarilgan mamlakatning sobiq bosh vaziri Yinglak Chinavat Buyuk Britaniya hukumatiga murojaat qilib, siyosiy boshpana taqdim etishni so‘ragan, deb xabar beradi “TASS”.
Tailand Oliy sudi sobiq bosh vazirni qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi fermerlardan garov evaziga guruch sotib olish bo‘yicha davlat dasturini bajarishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun aybdor deb topdi hamda besh yilga ozodlikdan mahrum etish haqida sirtdan qaror chiqardi.
Tailandning yangi konstitutsiyasiga ko‘ra, Chinavat 30 kun ichida hukm yuzasidan apellyatsiya berish huquqiga ega.
“Guruch ishi” bo‘yicha sud qarori 25-avgustda chiqarilishi kerak edi. Biroq, sobiq bosh vazir suddan bir kun avval mamlakatni tark etgani uchun qaror kechiktirilgan edi. O‘shanda Chinavat avval Kambodjaga, keyinroq BAAda yashaydigan akasi Taksin Chinavatnikiga ketib qolgan edi.
Chinavat boshchiligidagi hukumat 2014-yilda harbiy to‘ntarishdan so‘ng tarqatilgan edi.
Izoh (0)