O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 15-dekabr kunidagi 351-sonli qaroriga asosan aholini biometrik pasport bilan hujjatlashtirish muddati 2018-yil 1-iyulga qadar uzaytirilgan edi, shunga qaramasdan Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani IIB xodimlari tomonidan aholini biometrik pasport bilan hujjatlashtirish ishlari jadallashtirilmoqda, jumladan 2017-yil sentabr oyiga qadar Oqoltin tumanida 49 232 nafar aholidan 92,15 foizi biometrik pasport bilan hujjatlashtirildi. Bu haqda Sirdaryo viloyati IIB Yuridik ta’minlash bo‘linmasi boshlig‘i kapitan O‘.Sh.Haydarov “Daryo”ga ma’lum qildi.
Sirdaryo viloyati IIB rahbariyati tomonidan 2017-yil 8-avgust kunidagi Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risidagi 3182-sonli Prezident qaroriga tayanib Oqoltin tumanida yashovchi tuman IIB pasport bo‘linmasiga borishga imkoni bo‘lmagan 4 nafar nogiron fuqaroning yashash xonadoniga borilib, ular ishtirokida biometrik pasport olishga hujjatlar rasmiylashtirildi.
Jumladan, Oqoltin tumani Andijon QFY, N.Botirov ko‘chasi 14/2-uyda yashovchi 1924-yilda tug‘ilgan Karimova Umidaga Sirdaryo viloyati IIB boshlig‘i M.Jo‘rayev ishtirokida biometrik pasport olishning hujjatlashtirilishini alohida ta’kidlash joiz. O‘sha kuni sal kam yuz yoshni qarshilayotgan Umida ayaning ko‘zlarida cheksiz quvonch ko‘rinib turar edi.
Izoh (0)