O‘rta Chirchiq tumanida joriy yilning 1-iyulidan 5-iyuligacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida “Agrobank” ATBning tuman filialining norasmiy xodimi mijozlarning plastik kartochkalaridan 12 million so‘mdan ortiq mablag‘ni bank dasturi yordamida o‘z hisobiga o‘tkazib olgan. Bu haqda Toshkent viloyati IIB ma’lum qildi.
Bankning norasmiy xodimi 1997-yilda tug‘ilgan R.K. bank mijozlarining plastik kartochkalarini kompyuter dasturi yordamida o‘zining telefon raqamiga ulagan.
Shu tariqa R.K. O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi R B.ning plastik kartochkasidagi 7 300 000 so‘m, A.B.ning 1 000 000 so‘m, U.R.ning 1 500 000 so‘m, Sh.B.ning 2 200 000 so‘m, X.Y.ning 371 200 so‘m pul mablag‘ini o‘z tanishi A.T.ning nomida bo‘lgan plastik kartochkaga o‘tkazib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Izoh (0)