Ispaniya La ligasining 19-tur bellashuvlariga yakun yasaldi. Shanba oqshomida Madridning “Real” klubi Serxio Ramosning dubli sabab zafar quchgan bo‘lsa, yakshanba kuni yana 5 ta o‘yin bo‘lib o‘tdi.
Chempionlik uchun kurash olib borayotgan “Sevilya” futbolchilari so‘nggi o‘rinni band etib turgan “Osasuna”dan 3 ta gol qabul qilib oldi va 4 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Qo‘lga kiritilgan 3 ochko Xorxe Sampaoli shogirdlariga birinchi davrani 2-o‘rinda yakunlash imkonini berdi.
Madridning “Real”i klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etgani uchun 1 ta zaxira o‘yiniga ega bo‘lib turibdi. “Valensiya” maydonida bo‘lib o‘tadigan o‘sha uchrashuv 15-fevral sanasiga tayin qilingan. Unga qadar “Sevilya” birinchi davrani 1 ochkolik farq bilan yakunladi.
Kataloniyaning “Barselona” klubi esa turnir jadvalida 3-o‘rindan ko‘tarila olmadi. Luis Enrike jamoasi “Eybar” maydonida yirik g‘alabani qo‘lga kiritgandi.
Qayd etish kerak, to‘purarlar poygasida aynan “Barselona” futbolchilari peshqadamlik qilmoqda. Birinchi davradan keyin Messi va Suares hisobida 15 tadan gol bor.
Turning markaziy o‘yini Bilbaoda bo‘lib o‘tib, “Atletik” futbolchilari Madridning “Atletiko” klubini qabul qildi va 2:2 hisobida durang o‘ynadi. Bu ochko yo‘qotishdan keyin San-Sebastyanning “Real Sosyedad” klubi ochkolar soni bo‘yicha “Atletiko”ga yetib oldi. Qayd etish kerak, tomonlarning o‘zaro o‘yinida “Sosyedad” “Atletiko” ustidan 2:0 hisobida zafar quchgandi.
Ispaniya La ligasi 19-tur bellashuvlari 22-yanvar, yakshanba
Izoh (0)