Qarshining “Nasaf” futbol klubi Turkiyadagi yig‘inini yakunladi. Oliy liganing 2016-yilgi mavsumini “Lokomotiv” va “Bunyodkor”dan keyin 3-o‘rinda yakunlagan, O‘zbekiston kubogining esa finaliga qadar yetib borgan “Nasaf” yig‘in doirasida 6 ta o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushdi.
Raqiblarning barchasi Yevropa qit’asi vakillari bo‘ldi. Shulardan 2 tasi Ozarbayjon klublari bo‘lsa, Kipr, Ruminiya, Ukraina va Qozog‘istondan 1 tadan jamoa Qarshi klubiga raqiblik qildi.
2016-yilgi mavsumdan keyin o‘zining bir qator yetakchi futbolchilarini boy bergan “Nasaf” raqiblarning barchasini mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi. Dastlabki 4 ta bellashuv 1:0 hisoblarida yakuniga yetgan bo‘lsa, keyingi 2 tasida raqiblar “Nasaf” darvozasiga yo‘l topdi. Shu bilan birga o‘z darvozasidan 3 tadan gol ham o‘tkazib yubordi.
Qayd etish kerak, “Nasaf” bir necha yillardan buyon shakllanib kelayotgan tarkibning bir qator futbolchilaridan voz kechdi: Artur Gevorkyan, Erkin Boydullayev, Azamat Allaniyazov va Shuhrat Muhammadiyev.
Ma’lumot uchun, “Nasaf” Osiyo chempionlar ligasining pley-off o‘yinlarida ishtirok etadi va O‘zbekiston klublari orasida birinchilardan bo‘lib mavsumni boshlab beradi. Qarshi klubi 31-yanvar kuni o‘z maydonida Bahraynning “Al-Hidd” klubini qabul qiladi.
Izoh (0)