Yaponiyadagi yirik reklama agentliklaridan biri bo‘lgan Dentsu prezidenti Tadasi Isii o‘zini 24 yoshli xodimasi ish vaqtidan tashqari ko‘p mehnat qilgani sababli joniga qasd qilganida aybdor sanab, yanvar oyida iste’foga chiqishini ma’lum qildi. Matbuot anjumanida u kompaniya xodimasini zo‘riqishdan saqlab qololmagani uchun afsus bildirdi va kechirim so‘radi, deya xabar beradi “Vedomosti”.
Matbuot anjumanidan avval Yaponiya mehnat vazirligi Dentsu agentligidagi tekshiruv natijalarini prokuraturaga bergani bildirildi. Shuningdek, prokuraturaga halok bo‘lgan xodimaning bevosita rahbariga oid hujjatlar ham topshirilgan.
Agentlikning 24 yoshli xodimasi 2015-yil dekabrida o‘z joniga qasd qildi. Keyinroq uni ish vaqtidan tashqari mehnat qilishga majburlashgani va u haftasiga 40 soatlik me’yor bo‘lgan holda, oyiga 105 soat ortiqcha ishlagani ma’lum bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Yaponiya sog‘liqni saqlash, mehnat va ijtimoiy ko‘mak vazirligi xodimning ko‘p ishlab holdan toyishi yoki ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa tufayli vafot etishi bilan bog‘liq birgina holat ham isbot etilgan kompaniyalar nomi ommaga e’lon qilinishiga va’da berdi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)