Istanbulda ro‘y bergan qo‘sh portlash qurbonlari soni 38 kishiga yetdi. Bu haqda Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon So‘ylu bayonot berdi, deb xabar qiladi “Korrespondent.net”.
“Afsuski, Istanbuldagi teraktda halok bo‘lgan fuqarolarimiz soni 38 kishiga yetdi. Ulardan 30 nafari politsiyachilardir. 155 kishi shifoxonalarda davolanmoqda. Bu hujumga Kurdiston ishchi partiyasi aloqadorligini ko‘rsatuvchi dalillar bor”, — dedi So‘ylu.
Teraktda aloqadorlikda gumonlanib 13 kishi qo‘lga olindi.
Portlashlar Istanbulda mahalliy vaqt bilan 10-dekabr, shanba kuni taxminan 22:30 da (Toshkent vaqti bilan 11-dekabr 00:30 da) Vodafone Arena stadionining shimoli-g‘arbiy devori yonidan o‘tgan yo‘lda hamda arena yaqinidagi bog‘da yuz berdi. Yo‘lda politsiya maxsus topshiriqli bo‘linmalari o‘tirgan avtobus yaqinida portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan mashina portlatib yuborildi. Bir necha soniyadan so‘ng boqqa xudkush terrorchi hujum qildi.
Terakt munosabati bilan mamlakatda milliy motam e’lon qilindi.
Izoh (0)