Toshkentning “Lokomotiv” klubi bilan mamlakat chempionligin qo‘lga kiritgan turkmanistonlik futbolchi Artur Gevorkyan avvalroq bergan va’dasiga ko‘ra sochlarini qisqartirgandi. Biroq bu yetarli darajada bo‘lmagani uchun “Bunyodkor”ga qarshi bellashuvdan keyin “Championat.asia” muxbiri shu haqdagi savol bilan murojaat qildi.
“Bir insonga va’da berganim uchun soch turmagimni o‘zgartirdim. Yanada kaltalatishim ham mumkin edi. Ob-havo sovuq bo‘lgani uchun bunday qila olmadim. Aslida bularning hammasi kayfiyatni ko‘tarish uchun o‘ylab topilgan”, — dedi Gevorkyan.
“Agarda O‘zbekiston Kubogini ham qo‘lga kiritsak, sochimni yanada qisqartiraman. Bu men uchun qiyin emas”, — deb yana va’da berishni unutmadi turkmanistonlik futbolchi.
Ma’lumot uchun, “Lokomotiv” O‘zbekiston Kubogi finaliga birinchi qadamni tashlagan. “Bunyodkor”ga qarshi kechgan yarim finalning dastlabki o‘yinida minimal hisobda zafar quchgan “Lokomotiv”, 26-noyabr kuni javob o‘yini doirasida maydonga tushadi. Final 30-noyabr kuni Samarqandda “Nasaf”ga qarshi bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)