Rossiya prezidenti Vladimir Putin va mamlakat bosh vaziri Dmitriy Medvedev televideniye boshlovchisi, “Quvnoqlar va zukkolar klubi” (KVN)ning doimiy rahbari, Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan arbob Aleksandr Maslyakovni 75 yoshlik yubileyi bilan tabrikladi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
“Iste’dod, kasbga bo‘lgan qiziqish va tuganmas quvvat professional muvaffaqiyatingizning asosiy tarkibiy qismiga aylandi, ko‘plab qiziqarli ijodiy rejalarni amalga oshirish imkonini berdi. Biroq KVN sizga haqiqiy shuhrat keltirdi. U nafaqat milliy televideniyening ajoyib tarix va an’analarga ega bo‘lgan yorqin loyihalaridan biri, balki mamlakatimiz va boshqa davlatlarning yoshlar harakati yo‘nalishi hisoblanadi”, — deyiladi davlat rahbarining Kreml saytiga joylashtirilgan telegrammasida.
Prezident yubilyarga sog‘lik va barcha ezgu tilaklarni, KVNga esa uzoq va baxtli hayot tiladi.
Medvedev o‘z tabrigida Maslyakov muvaffaqiyatining siri uning yorqin iste’dodi, yuqori darajadagi professionalligi, improvizatsiya mahoratini ajoyib tarzda egallaganligida ekanligiga urg‘u berdi.
Aleksandr Vasilyevich Maslyakov 1941-yilning 24-noyabrida Sverdlovskda dunyoga kelgan. Televideniyeda 1964-yildan buyon faoliyat yuritadi. 30 yildan ortiq faoliyati davomida “Allo, mi ishchem talanti”, “A nu-ka, devushki!”, “Adresa molodix”, “Pesnya goda”, “Aleksandr-shou” va boshqa ko‘plab ko‘rsatuvlarga boshlovchilik qilgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)