Amerikaning Kanzas shtatidagi aerozol va kimyoviy moddalar ishlab chiqaruvchi korxonada portlash yuz berdi. Kimyoviy moddalar sizib chiqqanligi tufayli Neodesha shahri aholisining katta qismi evakuatsiya qilinmoqda. Bu haqda Associated Press agentligi ma’lum qildi, deb yozadi “Korrespondent.net”.
Avariya oqibatida uch nafar xodim jabrlandi, ular kuyish jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi.
Korxona Airosol, Inc.’ga tegishli bo‘lib, aerozollar, suyuq va boshqa maxsus kimyoviy vositalarni ishlab chiqarish va qadoqlashni ta’minlaydi.
Shaharda 2,5 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Hodisadan so‘ng tashkilot atrofidagi bir nechta kvartallar aholisi majburiy evakuatsiya qilindi. Shahardagi maktab kun davomida yopib qo‘yildi. Shahar rasmiylari aholiga kranlar suvidan ichish va taom tayyorlash uchun foydalanmaslikni tavsiya qildi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)