Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasining 30-turi Toshkent derbisi bilan o‘z yakuniga yetadi va unda “Bunyodkor” o‘z maydonida “Lokomotiv”ni qabul qiladi.
Mazkur ikki klub chempionlik uchun 29-turga qadar raqobat olib bordi va unda “Bunyodkor” imkoniyatni boy berdi. Shu boisdan ham 30-turda “qaldirg‘ochlar” mamlakat chempionini “chempionlik devori” bilan kutib oladi, deb yozdi “Championat.asia”.
Nashr bundan yetti yil muqaddam shuning aksi bo‘lganini tasdiqlovchi fotosuratni taqdim etdi. 2009-yilning 27-turida “Lokomotiv” futbolchilari muddatidan avval chempion bo‘lgan “Bunyodkor”ni mana shu taqlid kutib olgandi. Qiziq tomoni, ayni vaqtda “temiryo‘lchilar” safida harakat qilayotgan Ignatiy Nesterov, Timur Kapadze, Server Jeparov kabi futbolchilar “devor” orasidan o‘tgan, Kaxi Maxaradze esa ularga qarsak chalib turgan. 23-noyabr kuni bu futbolchilarning barchasiga qarsak chalinadi.
Izoh (0)