Rossiyaning “Iskandar” va C-400 raketa majmualarining Kaliningrad viloyatiga joylashtirilishi Yevropadagi xavfsizlikni beqarorlashtiradi. Bu haqda AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati boshlig‘i Jon Kirbi brifingda ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Rossiya so‘nggi o‘n yillik davomida Yevropadagi turli voqealarga javoban ‘Iskandar’ raketalarini Kaliningradga joylashtirish haqida tahdid qilib keldi”. Kirbining aytishicha, hech qanday voqealar rivoji “bunday harbiy javob”ni talab qilmaydi.
“Biz Rossiyani xavfsizlik va barqarorlikni ilgari surish maqsadlariga to‘g‘ri kelmaydigan gaplar va ishlardan tiyilishga chaqiramiz”, — dedi diplomat.
2016-yilning oktabrida Rossiya mudofaa vazirligi rossiyalik harbiylar Kaliningrad viloyatiga “Iskandar” raketa majmualarini joylashtirganini tasdiqladi. C-400 zenit-raketa majmuasining birinchi divizioni esa bu yerga 2012-yilda keltirilgan. Shuningdek, 21-noyabr kuni viloyatga “Bastion” qirg‘oq raketa majmuasi joylashtirilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
Izoh (0)