Dam olish kunlari yakuniga yetgan futbol bo‘yicha Yevropa milliy chempionatlari o‘yinlaridan keyin bir qator qiziqarli raqamlar chiqib keldi.
Madridning “Atletiko” klubi poytaxt derbisida “Real”ga yirik hisobda imkoniyatni boy berdi. Statistiklar ma’lumotiga ko‘ra, “Atletiko” Diyego Simeone jamoani qabul qilib olganidan keyin eng yomon startni amalga oshirgan.
12-turdan keyin “Atletiko” hisobida 21 ochko bor. Simeone klubni qabul qilib olgan dastlabki yilda bu ko‘rsatkich 12-turdan so‘ng 31 tani tashkil qilgan bo‘lsa, keyingi yillarda 33 va 26 ko‘rsatkichlari bor edi. Bu safar esa — 21.
“Atletiko” darvozasiga 3 ta gol urgan Krishtianu Ronaldu esa Madrid derbilarida eng ko‘p gol urgan futbolchiga aylanib oldi. Portugaliyalik futbolchi bu kabi o‘yinlarda hozirga qadar 18 ta gol urib ulgurgan.
Londonning “Chelsi” klubi Premyer-Liga 12-turidan keyin 1-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Antonio Konte jamoasi ketma-ket olti turni o‘z foydasiga shunchaki hal qilibgina qolmay, o‘z darvozasidan gol ham o‘tkazmadi. So‘nggi bor “Chelsi” London derbisida “Arsenal”dan javobsiz 3 ta gol o‘tkazib yuborgandi.
Shundan keyin “Xall Siti” 2:0, “Lester” 3:0, “Manchester Yunayted” 4:0, “Sautgempton” 2:0, “Everton” 5:0 va “Midlsbro” 1:0 hisoblarida mag‘lub etildi. Bosh murabbiy Antonio Konte italiyalik ekani inobatga olinsa, “Chelsi” himoyada tartibli futbol namoyish qilayotganini tushunish mumkin.
Izoh (0)