Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi “Sibur Arena” majmuasida boks bo‘yicha 17–18 yoshlilar o‘rtasida jahon chempionati davom etmoqda.
“Olamsport”ning ma’lum qilishicha, musobaqaning uchinchi kunida ringga ko‘tarilgan 4 nafar o‘zbekistonlik bokschidan 3 nafari g‘alaba qozondi, yana biri esa mag‘lubiyatga uchradi.
-52 kilogramm vaznda qatnashayotgan Otabek Xolmatov ikkinchi jangida ham g‘alabaga erishdi. Ilk jangida qirg‘izistonlik Fatxiddin Hamroyevdan 4:1 hisobida ustun kelgan Otabek bu safar vengriyalik Ishtvan Jakani 5:0 hisobida yengdi.
-56 kilogramm vazndagi Shunqor Abdurasulov italiyalik raqibi Matteo Pirreradan 5:0 hisobida ustun kelgan bo‘lsa, -91 kg vazn toifasida ringga chiqqan Shohruz Rahimov xitoylik Remula Abudureksitiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va 5:0 hisobida zafar quchdi.Eng yengil – 49 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Abduvohil Ma’rufxonov xitoylik Zeksin Chenga 0:5 hisobida imkoniyatni boy berib, musobaqa bilan xayrlashdi.
Izoh (0)