AQShning Las-Vegas shahri (Nevada shtati)da 19-noyabr, shanba kuni yirik boks kechasi bo‘lib o‘tdi. T-Mobile Arena majmuasida o‘tgan kechaning markaziy jangida yarim og‘ir vaznda WBA (Super), WBO va IBF versiyalari bo‘yicha jahon chempioni, 33 yoshli rossiyalik Sergey Kovalyov 32 yoshli amerikalik Andre Uordga qarshi ringga ko‘tarildi.
“Chempionat”ning ma’lum qilishicha, 12 raund davom etgan jangda Andre Uord hakamlarning yakdil qarori bilan 114:113, 114:113, 114:113 hisobida g‘alaba qozondi. Barcha chempionlik kamarlarini boy bergan rossiyalik bokschi uchun bu professional ringdagi ilk mag‘lubiyati bo‘ldi.
Markaziy bellashuvdan avval yana 9 ta jang o‘tkazildi. Shulardan birida o‘zbekistonlik 24 yoshli Botirsher Obidov 23 yoshli rossiyalik Bahrom Murtazaliyevga qarshi sakkiz raundlik jangda ringga ko‘tarildi.
“Sports.uz”ning xabar berishicha, Botirsher jangni hujumlar bilan boshlaganiga qaramay, 2-raund oxirida kutilmaganda raqibining kuchli zarbasini o‘tkazib yubordi. Uchrashuv hakami texnik nokaut qayd etib, g‘alabani rossiyalik sportchiga berdi.
Professional ringdagi sakkizinchi jangini o‘tkazgan o‘zbekistonlik bokschi faoliyatidagi birinchi mag‘lubiyatini qabul qildi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)