O‘zbekiston — Eron o‘yinidan keyin “Championat.asia” nashri O‘zbekiston terma jamoasi muxlislar klubi yetakchisi Abdurahmon Fozilov bilan qisqacha intervyu uyushtirib, chipta sotib olishdagi muammolar uni tashvishga solayotgan yoki yo‘qligi bilan qiziqdi.
“Xavotirga solmayaptimi? Bu xavotir emas, bu fojea — deb gap boshladi Fozilov. — Bu muammo muxlislar kayfiyatini “0” darajaga tushirib yuboradi. G‘araz chipta olib-sotarlarining nayrangi sabab 25 ming so‘mlik chiptalar 50—150 ming so‘mdan sotilmoqda. O‘z narxidan ikki-uch barobar qimmatga chipta olsangiz alam qilmaydimi? Ming afsuski, barchasini g‘alamis, nafs qullari, nafs gadolari puchga chiqarmoqda. O‘ylaymanki, Xitoy bilan bo‘lib o‘tadigan o‘yinda bu kamchilikning oldi olinadi”.
Eronga qarshi bellashuvda fan-klub rejalashtirgan “mozayka”ning o‘xshamay qolganini Fozilov quyidagicha izohladi: “5 ta sektorga birma-bir rangli qog‘oz qo‘yib chiqqandik. Lekin bir necha yildan buyon rejani amalga oshirishga qiynalamiz. Sababi oddiy: stadionga erta kelgan odamlar yon-atrofdagi o‘rindiqlardan qog‘ozlarni olib, tagiga ko‘rpacha qilib o‘tirib oladi. Volontyorlar iltimosi ham yordam bermayapti”.
“Yuzlab yaqinlarim Eronga qarshi o‘yin uchun chipta olishda yordam so‘radi, men esa yordam bermadim, maslahat bilan cheklandim. O‘yin boshlanishiga 20—30 daqiqa qolganida stadionga kelinsa, olib-sotarlardan chiptani o‘z narxida olish mumkin. 10 daqiqa oldin kelinsa, undan ham arzonroqqa sotib olish mumkin”, — dedi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Abdurahmon Fozilov.
So‘zining yakunida fan-klub sardori olib-sotarlarga qarshi kuchga aylanishga va ulardan chipta olmaslikka chaqirdi.
Izoh (0)