“Axmat” jang klubi prezidenti Abuzayd Vismuradov Rossiya Aralash janglar san’ati (MMA) ittifoqi rahbari Fyodor Yemelyanenko 4-oktabr kuni Grozniyda o‘tkazilgan Grand Prix Akhmat 2016 aralash janglar turnirida yosh bolalar ishtirokini tanqid qilishga haqqi yo‘q ekanini Instagram’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
MMA sobiq jangchisi Fyodor Yemelyanenko yosh bolalar ishtirokidagi janglarni keskin tanqid qilib, bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini ta’kidlagandi.
“Ushbu bellashuvlar respublikada MMA’ni rivojlantirishga qaratilgan va ko‘rgazmali xarakterga ega edi. O‘tkazilgan janglarda ijobiy fikrlar oldik. Lekin nima uchundir Fyodor Yemelyanenkoga bu yoqmadi. Savol, bizning turnir va janglarga baho beradigan Fyodor kim o‘zi?”, – deb yozdi Vismuradov.
“Grand Prix Akhmat 2016 turniri ko‘pchilik tomondan Rossiyadagi eng yaxshi MMA turniri deb e’tirof etilgan. U turnirga taklif etilmagani uchun alamda bo‘lgandir. Yoki u adolat kurashchisi bo‘ldimi? Fyodor o‘zining so‘nggi jangini eslasin. U butun dunyo qarshisida Fabio Maldonadodan kaltak yeganidan so‘ng, uning soxta tashkiloti g‘alabani raqibga bermadi”, – deya qo‘shimcha qildi Vismuradov.
“Biz qonun chegarasidan chiqmayapmiz va bizga nima qilish kerakligini buyurishlariga yo‘l qo‘ymaymiz. Ko‘rgazmali janglarni o‘tkazib bo‘lmasligi haqidagi bandni ko‘rsating, o‘shandan keyin gaplashamiz”, – dedi “Axmat” jang klubi rahbari.
Rossiya MMA ittifoqi bayrog‘i ostidagi turnirlarni o‘tkazish qoidalariga ko‘ra, 12 yoshdan kichik bo‘lgan bolalarga jang qilishga ruxsat berilmaydi.
Ta’kidlash kerakki, Checheniston rahbari Ramzam Qodirovning uch nafar o‘g‘li ham Grand Prix Akhmat 2016 turnirida ko‘rgazmali jang o‘tkazib, barchasi g‘alaba qozongan edi.
Izoh (0)