Boks bo‘yicha superog‘ir vazn toifasida WBA va WBO versiyalari bo‘yicha jahon chempioni hisoblangan britaniyalik Tayson Fyuri kokain giyohvand moddasini qabul qilganini tan oldi. Bu haqda Rolling Stone xabar bermoqda.
“Men hayotim davomida ko‘p ishlarga qo‘l urganman. Ko‘p kokain iste’mol qilganman. Nima uchun men uni iste’mol qila olmayman? Bu mening hayotim, shunday emasmi? Men istagan ishimni qilishim mumkin”, – dedi Fyuri.
Fyurining ta’kidlashicha, u kokainni natijalarni yaxshilash uchun iste’mol qilmagan.
“Men kokainni bir necha oy oldin iste’mol qilishni boshladim. Boshqa hech qanday moddalarni qabul qilmaganman”, – deb qo‘shimcha qildi bokschi.
Eslatib o‘tamiz, Tayson Fyurining 22-sentabr kuni topshirgan doping testida kokain izlari aniqlangandi. Keyinroq sportchi barcha chempionlik kamarlaridan mahrum etilishi mumkinligi xabar qilingan edi.
28 yoshli bokschi 3-oktabr kuni faoliyatini yakunlashi haqida ma’lum qildi. Bir necha soatdan keyin u sportdan ketayotgani haqidagi xabari hazil ekanini aytdi.
Qayd etish joizki, bundan avval Tayson Fyuri ukrainalik Vladimir Klichkoga qarshi o‘tishi kerak bo‘lgan revansh jangini ketma-ket ikkinchi marta bekor qildi.
Izoh (0)