AQShning Stenford universiteti iqlimshunosi Karolin Snayder so‘nggi ikki million yil ichida Yer yuzasidagi o‘rtacha global harorat qanday o‘zgarganini kuzatib, u naq yetti darajagacha (Selsiy bo‘yicha) oshishi muqarrar, deb topdi. Tadqiqot Nature jurnalida chop etildi.
Harorat o‘zgarishlarining tegishli grafigini hosil qilish uchun olim okean tubidagi 59 ta cho‘kindilardan olingan 20 mingdan ortiq iqlim rekonstruksiyalaridan foydalandi, ular orasidagi vaqt intervali ming yilga teng bo‘ldi.
O‘tkazilgan tahlil shuni ko‘rsatdiki, sayyora yuzasidagi haroratning global pasayishi taxminan 1,2 million yil ilgari to‘xtagan. Olim, avvalgi iqlim o‘zgarishlari tajribasiga tayanib, shunday xulosaga keldiki, sayyorada karbonat angidrid gazi zichligining hatto hozirgi ko‘rsatkich darajasida saqlanib turishi ham o‘rtacha global harorat bir necha ming yilliklar davomida Selsiy bo‘yicha 3—7 darajaga muqarrar tarzda oshishiga olib keladi.
Izoh (0)