18-sentabr kuni ertalab Hindiston shimolidagi Jammu va Kashmir shtatidagi piyodalar batalyoni joylashgan joyga hujum qilib, 17 harbiy xizmatchining o‘limiga sababchi bo‘lgan terrorchilar Pokistondagi guruhga aloqador bo‘lgan. Bu haqda Hindiston armiyasining jangovar operatsiyalar bo‘limi rahbari general-leytenant Ranbir Singx ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
“Ular chet ellik terrorchilar edi, — dedi general. — Dastlabki ma’lumotlar o‘ldirilgan jangarilar ‘Jaish-e-Muhammad’ guruhiga tegishli bo‘lganini ko‘rsatmoqda”. Bu Pokistondagi ekstremistik guruhdir.
Hujum uyushtirilgan batalyon Baramulla okrugidagi Uri shahri yaqinida joylashgan. Otishma chog‘ida to‘rt terrorchi yo‘q qilindi. Ushbu hujum so‘nggi bir necha yil ichida jangarilar tomonidan hind harbiylariga qarshi sodir etilgan eng qonli hujum bo‘ldi.
Ranbir Singx ta’kidlashicha, marhum jangarilardan Pokiston belgisiga ega bo‘lgan “harbiy maqsaddagi buyumlar” topilgan. General fikricha, jangarilar yaxshi mashq qildirilgan va qurol-aslahalar bilan yaxshi ta’minlangan.
Izoh (0)