Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) prezidenti Tomas Bax qo‘mitaga a’zo bo‘lgan 97 tashkilotga xat yo‘llab, aksildoping tizimini isloh qilish jarayoniga o‘z hissasini qo‘shishga chaqirdi. Bu haqda, Inside the Games portaliga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Shu yilning 8-oktabr kuni Shveysariyaning Lozanna shahrida XOQning sammiti o‘tkazilib, unda aksildoping tizimini qayta tashkil etish masalalari muhokama qilinadi.
“Sammitda aksildoping tizimini sport tashkilotlaridan mustaqil qilish masalasi muhokama etiladigan masalalardan biri bo‘ladi. Shu sababli barchangizdan o‘z fikringiz bilan o‘rtoqlashishingizni so‘rayman. Barcha ishlar sportda doping masalasi bo‘yicha 2017-yili navbatdan tashqari o‘tkaziladigan Xalqaro konferensiyada ishonchliroq, samaraliroq, shaffof va kelishilgan aksildoping tizimining qabul qilinishiga olib kelishi kerak”, – deyiladi Tomas Bax yo‘llagan xatda.
Shuningdek, XOQ prezidenti Richard Maklaren hisoboti va boshqa hodisalar munosabati bilan Xalqaro aksildoping agentligining (WADA) ishlash tizimini qayta ko‘rib chiqish zarur ekanini ta’kidladi.
Izoh (0)