Janubiy Sudan vitse-prezidenti Riyek Mashar Jubadagi qarorgohini tark etdi va BMT uning qayerda ekanligi haqida ma’lumotga ega emas. Bu haqda Butunjahon tashkiloti bosh kotibining Afrika mamlakatidagi maxsus vakili Ellen Margret Loy jurnalistlarga ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “TASS”.
Emissar Janubiy Sudan prezidenti Salva Kiir hamon Jubada ekanligini ma’lum qildi.
“Oxirgi marta Kiir bilan bugun, 13-iyul kuni gaplashdim. U bilan o‘tgan juma, 8-iyul kuni to‘qnashuvlar yuz bergan prezident majmuasida uchrashdim. U yerda haligacha otishmalarning izini ko‘rish mumkin. Keyinroq kunning ikkinchi yarmida Mashar bilan telefon orqali gaplashdim”, — dedi Loy.
“Men uning qayerda ekanligi, Jubani tark etgan-etmaganligini bilmayman. U o‘zining qarorgohida emas”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Eslatib o‘tamiz, Jubadagi tartibsizliklar 8-iyul, juma kuni mamlakat prezidenti Salva Kiir tarafdorlari va Riyek Masharni qo‘llab-quvvatlovchi sobiq isyonchilar o‘rtasida kelib chiqqan edi.
Izoh (0)