UEFA texnik kuzatuv guruhi Yevro—2016 ning ramziy terma jamoasini e’lon qildi. Undan 4 nafar portugaliyalik, 3 nafar nemis, 2 nafardan fransiyalik va uelslik futbolchi joy oldi.
Ramziy terma jamoa 4-2-3-1 taktik sxemasiga asosan tuzilgan bo‘lib, undan mos ravishda quyidagi futbolchilar joy oldi: Rui Patrisiu (Portugaliya); Joshua Kimmix (Germaniya), Jerom Boateng (Germaniya), Pepe (Portugaliya), Rafael Gerreyru (Portugaliya); Toni Kroos (Germaniya), Jo Allen (Uels); Antuan Grizmann (Fransiya), Aaron Remzi (Uels), Dimitri Paye (Fransiya); Krishtianu Ronaldu (Portugaliya).Texnik kuzatuv guruhi a’zolari ramziy terma jamoani tuzishda Yevro—2016 boshlanguniga qadar ishlab chiqilgan mezonlarga asoslangan. Musobaqaning har bir turida ikki nafardan tahlil guruhi a’zosi ishtirok etdi.
“Yevro—2016 ramziy terma jamoasini aniqlash uchun guruh a’zolari vaqt sarflab bo‘lsada, yakdil fikrga keldi. Biz yetakchi markaziy himoyachilarni tanlab oldik. Qanot himoyachilarini aniqlashda esa ularning nafaqat himoyadagi o‘yini, balki hujumlardagi ishtirokini ham o‘rganib chiqdik. Tayanch yarim himoyachilardan o‘yin ritmi va dinamikisini nazorat qila olish talab etilardi. Shuningdek, vaziyat yaratuvchi va uni muvaffaqiyatli yakunlay oluvchi old chiziq vakillariga e’tibor qaratdik”, — deb ta’kidladi UEFAning murabbiylar faoliyati masalalari bo‘yicha elchisi Aleks Fergyuson.
UEFA tomonidan Yevro—2016 bellashuvlarini kuzatib borish va tahlil qilish uchun tuzilgan texnik kuzatuv guruhida Aleks Fergyuson, Alen Jiress, Devid Moyes, Tomas Shaaf, Savo Miloshevich, Miksu Paatelaynen, Garet Sautgeyt, Peter Rudbek, Xines Melendes, Jan-Pol Brigger, Jan-Fransua Domerg va Peki Bonner kabi mutaxassislar faoliyat olib bordi.
Izoh (0)