Janubiy Koreya milliy razvedkasi vakillari parlamentning yopiq sessiyasida Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning sog‘lig‘i borasida ma’lumot berdi, deb xabar bermoqda TJournal.
Janubiy Koreya hukmron partiyasining deputati Li Chxol U 33 yoshli Kim Chen In sezilarli darajada vazn qo‘shganini majlisdan so‘ng jurnalistlarga ma’lum qildi. 2014-yilda Shimoliy Koreya rahbarining vazni 90 dan 120 kilogrammgacha ortgan bo‘lsa, hozirda uning vazni 130 kilogrammni tashkil qilmoqda.
Bundan tashqari, Kim Chen In o‘z hayoti uchun qo‘rquvda bo‘lgani sababli uyqusizlikdan aziyat chekmoqda.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda Kim Chen Inning sog‘lig‘i borasida har xil gap-so‘zlar tarqalib yuribdi. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, Shimoliy Koreya rahbari ko‘p chekadi, padagra, yuqori qon bosimi va qand kasalligidan aziyat tortadi.
Kim Chen Inning otasi Kim Chen Ir va buvasi Kim Ir Sen ham ko‘p chekar va ortiqcha vazndan qiynalardi. Ularning har ikkisi yurak xurujidan vafot etgan.
Izoh (0)