3-iyun, juma kuni Germaniyada o‘tkazilayotgan Rock am Ring ochiq osmon ostidagi rok festivali chog‘ida kamida 51 kishi yashin urishi oqibatida jabrlandi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Ilgariroq mahalliy politsiya vakillari jabrlanuvchilar soni 42 kishini tashkil etganini ma’lum qilgan edi. Endilikda raqamlarga aniqlik kiritildi.
Jabrlanganlarning 15 nafari og‘ir jarohatlar olgani bildirilmoqda.
Mashhur festival 3–5-iyun kunlari Reynland-Pfals federal yeridagi Mendig shahrida o‘tadi. Unga 90 ming mehmon tashrif buyurdi. Tabiiy ofat tufayli musiqachilarning chiqishlari bir yarim soatga to‘xtatib qo‘yildi. Yashin, shuningdek, musiqiy bayram qarorgohidagi bir qancha chodirlarga zarar yetkazdi.
Tashkilotchilar, mintaqada kuchli yog‘ingarchilik kutilayotganiga qaramay, festival davom ettirilishini ta’kidlamoqda.
O‘tgan yili festival davomida 33 kishi yashin urishidan jarohatlangan edi.
Izoh (0)