“Barselona” jamoasi hujumchisi Lionel Messining otasi bilan sheriklikda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashi bilan bog‘liq sud eshituvlari doirasida prokuror futbolchini oqlash kerak deb hisoblashini aytdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Sud zalidagi chiqishida prokuror Rakel Amado soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashda asosiy ayb Lionelning otasi — Xorxe Orasio Messida ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
“Firibgarlik uning otasi qabul qilgan qarorlar tufayli sodir etildi”, — dedi Amado.
Prokuror katta Messini bir yarim yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘ramoqda. Ammo sudda yana bir tomon — davlatning manfaatlarini himoya qilayotgan advokat ham bo‘lib, u otani ham, o‘g‘ilni ham 22 oyga ozodlikdan mahrum qilishni so‘ramoqda. Ammo, mahalliy qonunchilikka muvofiq, javobgar birinchi marta jinoyat sodir etayotgan bo‘lsa, unga belgilangan muddat ikki yildan oshmasa, u jazoni qamoqda o‘tashdan ozod qilinishi mumkin.
Argentinalik sportchi va uning otasi 2007–2009-yillarda 4,1 million yevro miqdoridagi soliqni to‘lashdan bo‘yin tovlashda ayblanmoqda. Kecha, 2-iyun kuni Messi, sud oldida javob berarkan, moliyaviy masalalardan mutlaqo bexabar bo‘lib, faqat futbol o‘ynashga e’tibor qaratganini aytgan edi. Shuningdek, uning otasi aybini qisman tan oldi.
Izoh (0)