Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi “Yosh alangachi” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Yosh qutqaruvchi” musobaqasining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda O‘zA.
YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur tadbir bolalar va yoshlarning turli tabiiy ofatlar oldidagi qat’iyati va tegishli javob choralarini ko‘rishga tayyorligini namoyon etdi.
“Yosh qutqaruvchi ko‘ngillilar klublari yoshlar jismoniy jihatdan kuchli bo‘lishiga, favqulodda vaziyatlarda xatarlarni kamaytirish bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarini oshirishiga yordam beradi”, — dedi Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Aripov. Shuningdek, u musobaqaning mahalliy va hududiy bosqichlarida umumta’lim maktablaridan jami 25 ming nafar o‘quvchilar jalb etilganini aytib o‘tdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi va “Kamolot” Yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan tashkil etilgan tadbirni o‘tkazishda YuNISEF amaliy yordam ko‘rsatdi. Tadbirda turli maktablar o‘quvchilari ishtirok etib, ofatlar ehtimoliga qanchalik tayyor ekanliklarini namoyon qildi.
Izoh (0)