Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi FIFAning may oyi uchun reyting jadvalida 66-o‘rnini saqlab qoldi. Shu tariqa Samvel Babayan murabbiyligidagi jamoa 2016-yilning bahor faslidagi uch oy davomida 66-o‘rinni hech kimga bermadi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining JCh—2018 yo‘lidagi raqiblari — Eron va Janubiy Koreya terma jamoalari Osiyo qit’asi mamlakatlari orasida eng yaxshi ikki ko‘rsatkichni qayd etib turibdi. Bu borada Eron dunyo terma jamoalari reytingining 39-pog‘onasidan joy olgan bo‘lsa, Janubiy Koreya 50-o‘ringa ko‘tarilgan.
Yaponiya va Avstraliya terma jamoalari mos ravishda 53 hamda 59-o‘rindan joy olgan. Kunchiqar yurt terma jamoasi aprel oyidagiga qaraganda 4 ta o‘rin tepaga ko‘tarilgan, Avstraliya esa 9 pog‘ona pastga sho‘ng‘igan.
Saudiya Arabistoni terma jamoasi FIFA reytingida Osiyoning beshinchi vakiliga aylandi. O‘zbekistondan bir pog‘ona yuqori — 65-o‘rinda borayotgan Saudiya Arabistoni hisobida 545 ochko bor, O‘zbekistonda esa 544.
JCh—2018 saralashidagi O‘zbekiston termasining raqiblaridan Xitoy — 81, Qatar — 84 va Suriya — 101-o‘rindan joy olgan.
FIFA reytingini Argentina terma jamoasi boshqarib turibdi. Undan keying o‘rinlardan mos ravishda Belgiya, Kolumbiya, Germaniya, Chili, Ispaniya, Braziliya, Portugaliya, Urugvay va Avstriya termalari bormoqda. Angliya termasi esa kuchli 10 talikdan chiqib ketdi.
Izoh (0)