Pokiston poytaxti Islomobod va qo‘shni Ravalpindi shahriga 1-iyun kechasi yopirilgan bo‘ron oqibatida 20 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda, The Pakistan Observer gazetasi ma’umotiga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Tezligi soatiga 148 kilometrga yetgan kuchli shamol va jala tufayli Panjob viloyatining ba’zi tumanlarida elektr ta’minoti uzildi. Tabiiy ofat oqibatida, shuningdek, Xayber-Paxtunxva va “qabilalar hududi” ham zarar ko‘rdi.
Nashr hisob-kitobiga ko‘ra, faqatgina Islomobod va Ravalpindida yuzdan ortiq odamga shikast yetdi. Jabrlanganlarning umumiy soni noma’lum.
Tabiiy ofat Benazir Bxutto nomidagi xalqaro aeroport faoliyatiga ta’sir ko‘rsatdi. Bu yerga kelayotgan reyslar o‘z yo‘nalishini Lahorga o‘zgartirdi.
Sinoptiklarning ma’lumotiga ko‘ra, noqulay ob-havo respublikaning ba’zi tumanlarida 3-iyun, juma kunigacha saqlanib qoladi.
Izoh (0)