O‘zbekistonlik tennischi Nigina Abduraimova Yaponiyaning Fukuoka shahrida davom etayotgan, mukofot jamg‘armasi 50 ming dollarga teng ITF turkumidagi tennis turnirining yakkalik bahslari ilk davrasida mag‘lubiyatga uchradi.
Xalqaro tennis federatsiyasi rasmiy saytining ma’lum qilishicha, mazkur turnirning 5-raketkasi sifatida tasniflangan 21 yoshli O‘zbekiston vakili ilk davrada bolgariyalik Aleksandrina Naydenovaga qarshi bahs olib bordi. Bir soatu 17 daqiqa davom etgan bellashuvda 6:4, 6:3 hisobi qayd etilib, Naydenova foydasiga hal bo‘ldi.
“Olamsport”ning xabar berishicha, rossiyalik Kseniya Likina bilan tandem hosil qilgan Nigina Abduraimova juftliklar bahsi ilk davrasida musobaqaning uchinchi raqamli juftligi – Akiko Omae (Yaponiya) hamda Pingtarn Plipuyech (Tailand) duetini 6:4, 7:6 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, chorak finalga yo‘l oldi.
Izoh (0)