Vengriya harbiy-havo kuchlari qiruvchilari British Airways aviakompaniyasining Boeing 777 yo‘lovchi samolyoti dispetcherlar bilan aloqa o‘rnatmagani bois havoga ko‘tarilib, uning parvozini kuzatib bordi. Bu haqda, ITV telekanaliga asoslanib, “RBK” xabar bermoqda.
Voqea 30-aprel, shanba kuni sodir bo‘ldi. Samolyot Dubaydan Londonga uchayotgan edi. Vengriya chegarasini kesib o‘tishda ekipaj Vengriya havo harakatini boshqarish xizmati bilan aloqa o‘rnatmadi. Aniqlanmagan havo kemasining parvozi Vengriya mudofaa vazirligi radarlari tomonidan qayd qilindi.
Shu bois ikkita Gripens qiruvchisi havoga ko‘tarildi. Ular bir muddat yo‘lovchi samolyotini kuzatib bordi. Samolyot bilan aloqa o‘rnatilib, undagi xavfsizlik tasdig‘i olinganidan so‘ng qiruvchilar bazaga qaytarildi.
British Airways Boeing dispetcherlar bilan aloqani tiklagani va “Xitrou” aeroportiga qo‘nganini bildirdi.
Izoh (0)