Janubiy Sudan isyonchilari yetakchisi Riyek Mashar mamlakatning birinchi vitse-prezidenti sifatida qasamyod qildi, deya xabar bermoqda “TASS” Reuters’ga tayanib.
Mashar Sudan rahbariyatini “xalqni birlashtirish va fuqarolar urushi yaralarini davolash”ga chaqirdi.
Bir hafta avvalroq BMT Xavfsizlik Kengashi tinchlik bitimi qoidalarining bajarilishi cho‘zilayotgani tufayli Janubiy Sudandagi vaziyat yuzasidan xavotir bildirgan edi. Shoshilinch uchrashuv yakunlari bo‘yicha Xavfsizlik Kengashi a’zolari erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi yo‘lidagi har qanday to‘siqlarga javob qaytarishga tayyorligini bildirdi va nizo tomonlarini tezkorlik bilan o‘tish davri hukumatini shakllantirish va 2015-yil avgustida imzolangan tinchlik bitimini to‘liq bajarishga chaqirdi.
Janubiy Sudandagi qonli nizo mamlakat prezidenti Salva Kiirning 2013-yil dekabrida Riyek Masharni o‘z o‘rinbosari lavozimidan iste’foga chiqarish qarori tufayli kelib chiqqan edi. Ikki siyosatchining qarama-qarshiligi tezda ularning tarafdorlari o‘rtasidagi shafqatsiz to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Oqibatda 10 mingga yaqin kishi halok bo‘ldi, 2,2 milliondan ziyod kishi qochqinga aylandi.
2015-yil avgustida Kiir va Mashar tinchlik bitimini imzoladi, joriy yilning yanvarida esa o‘tish davri hukumatini tuzish haqida kelishib oldi, unga ko‘ra, Mashar yana vitse-prezident lavozimini egallaydi. Ammo tomonlar o‘rtasida sezilarli ishonchsizlik saqlanib qolmoqda.
Izoh (0)