“Real” hujumchisi Krishtianu Ronaldu “Volfsburg”ga qarshi (3:0) Yevropa Chempionlar Ligasi chorak finalining javob o‘yinida xet-trik muallifi bo‘lib, madridliklarni musobaqaning yarim finaliga olib chiqdi. Uchrashuvdan so‘ng portugaliyalik futbolchi keyingi bosqichda qaysi jamoa “Real” uchun eng qulay raqib bo‘lishi mumkinligi haqida o‘z fikrini bildirib o‘tdi, deb xabar beradi “Chempionat”.
“‘Atletiko’ yoki ‘Barselona’? Bu qiyin tanlov. ‘Atletiko’ himoyada yaxshi o‘ynaydi, bu jamoaga gol urish qiyin. ‘Barselona’ esa Yevropadagi eng yaxshi jamoalardan biri sanaladi. Yarim finalda Portugaliyaning ‘Benfika’ jamoasi bilan to‘qnash kelishni xohlar edim”, – dedi Ronaldu.
“Futbol quti ichidagi sovg‘aga o‘xshaydi. Biz ‘Barselona’ni yutdik, lekin YeChL chorak finalining dastlabki o‘yinida ‘Volfsburg’ga mag‘lub bo‘ldik. ‘Manchester Siti’ning YeChL yarim finaliga chiqishini hech kim kutmagan edi. Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Ispaniya chempionatida ‘Real’ peshqadam bo‘lib turgan ‘Barselona’dan 12 ochko ortda borayotgan edi, hozir esa tafovut 4 ochkoni tashkil qilmoqda”, – deb fikriga yakun yasadi portugaliyalik hujumchi.
Eslatib o‘tamiz, YeChL chorak final dastlabki o‘yinida “Real” Germaniyada “Volfsburg” jamoasiga 0:2 hisobida imkoniyatni boy bergan edi.
Ma’lumot o‘rnida, YeChL chorak finalining yana ikki o‘yini bugun, 13-aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Madridning “Atletiko” klubi o‘z maydonida “Barselona” futbolchilarini qabul qilsa, Germaniyaning “Bavariya” klubi safarda Portugaliyaning “Benfika” jamoasi mehmoni bo‘ladi.
Izoh (0)