Rossiyadagi “Yabloko” partiyasi aktivistlari 26-yanvar kuni Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirov iste’fosini talab qilib, aksiya tashkil etadi, deya xabar bermoqda “Interfaks” partiya matbuot xizmatiga tayanib.
Miting respublikaning Moskvadagi vakolatxonasi yonida uyushtiriladi. Unda partiyaning Moskva mintaqaviy bo‘linmasi raisi, partiya sobiq rahbari Sergey Mitroxin qatnashadi.
O‘z piketida “Yabloko” Qodirovdan uzr, Putindan esa uni Checheniston rahbari vazifasidan ozod etishni talab qilmoqchi. Partiya bunday mitingni prezident ma’muriyati binosi yonida ham o‘tkazishi mumkin. Ayni paytda “Yabloko” hukumat javobini kutmoqda, shundan so‘ng aksiya shakli haqida yakuniy qaror qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, 12-yanvar kuni Qodirov jurnalistlar bilan uchrashuvda “tizimdan tashqaridagi muxolifat vakillariga xalq dushmanlari, xoinlar kabi munosabatda bo‘lish”, “bunday kishilarni ularning qo‘poruvchilik faoliyati uchun sud qilish”ga da’vat etgan edi.
Shundan so‘ng Rossiya prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha kengash 12-yanvar kuni muxolifatni “xalq dushmanlari” deya atagan Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning so‘zlarini lingvistik ekspertizaga jo‘natishi xabar berildi. Huquq muhofazachilari va jamoatchilik arboblari esa uni ushbu gaplari uchun iste’foga chiqarilishini talab qilib, ariza yozdi.
Izoh (0)