Volkswagen konsernining bir necha muhandislari ichki tekshiruv davomida dizel dvigatellarida zararli tashlanmalar ko‘rsatkichini pasaytirish bilan bog‘liq soxtakorliklarni tan oldi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.
Mazkur xodimlarning aytishicha, konsernning sobiq rahbari Martin Vinterkorn tomonidan belgilab berilgan maqsadlarga erishish uchun bunday firibgarliklarga qo‘l urishga majbur bo‘lishgan.
2012-yil martida Vinterkorn Volkswagen 2015-yilga kelib CO2 tashlanmalarini 30 foizga pasaytirishini e’lon qilgan. Muhandislar esa rahbarga bu maqsadga erishish mushkul ekanini aytishga cho‘chigan. Ular buning o‘rniga yoqilg‘i sarfi va CO2 tashlanmalari ko‘rsatkichlarini soxtalashtirishni boshlagan. Masalan, tashlanmalarni kamaytirish uchun shinalardagi bosim kuchaytirilgan, yoqilg‘i sarfini kamaytirish uchun esa motor moyiga dizel qo‘shilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Volkswagen AQSh bo‘linmasi rahbari Maykl Xorn ekologik testlar bilan bog‘liq mojarolarda rahbariyat aybini inkor etib, butun mas’uliyatni kompaniya muhandislariga yuklagan edi.
Izoh (0)